Asosiy qismga oʻtish

Muammo turlari

Hisobotdagi muammo turlarining maʼnosi va nima qilish kerakligi.

Shu maqolada

Hisobotda har bir muammo bitta tur bilan belgilanadi. Quyida har bir turning maʼnosi va nima qilish kerakligi.

Har bir tur nimani anglatadi

Kod yoʻq. Qatorda MXIK kodi umuman yoʻq. Ilova nom boʻyicha kod taklif qiladi; taklifni tekshirib tasdiqlang.

Bazada topilmadi. Faylda kod bor, lekin joriy tasniflagichda bunday kod yoʻq. Kod xato yozilgan yoki arxivga olingan boʻlishi mumkin. Taklif etilgan kod bilan almashtiring.

Nomga mos emas. Kod mavjud, lekin tovar nomiga mos kelmaydi. Taklif va muqobillarni solishtiring.

Oʻlchov birligi. Qatordagi birlik kod bogʻlangan birlikka zid. Batafsil panelda kod qaysi birlikka bogʻlangani va nomdan oʻqilgan qadoq koʻrsatiladi; bu faqat maslahat, qator oʻzgarmaydi.

Xaridlarda yoʻq. Qatordagi kod mijozning yuklangan xaridlari orasida topilmadi. Bu tekshiruv xaridlar roʻyxati yuklangan boʻlsagina ishlaydi.

Imtiyozli kod / Imtiyoz imkoniyati. Kod soliq imtiyozi bilan bogʻlangan yoki imtiyozli kod mavjud boʻlishi mumkin. Imtiyoz qoʻllanishini oʻzingiz tekshiring: ilova faqat bogʻlanishni koʻrsatadi.

EHFda cheklangan kod. tasnif.soliq.uz saytidagi xabarga koʻra, 2026-yil 1-iyuldan qurilish resurslarining ayrim umumiy MXIK kodlaridan elektron hisob-fakturada (EHF) foydalanish bosqichma-bosqich cheklanadi; roʻyxat alohida eʼlon qilinadi va bosqichma-bosqich toʻldiriladi. Ilova qatordagi kodni (kod boʻlmasa, taklif etilgan kodni) yuklangan roʻyxat bilan solishtiradi va cheklov sanasini koʻrsatadi: sana oʻtgan yoki 90 kundan kam qolgan boʻlsa, xavf yuqori. Tasniflagichda shu pozitsiyaning batafsil kodlari boʻlsa, ilova eng mosini taklif qiladi; boʻlmasa, kodni aniqlashtirish yoki yangisini yaratish uchun mkinfo.uz shaxsiy kabineti orqali ERI bilan imzolangan soʻrov yuboring.

TIF TN bilan mos emas. Faylda TIF TN (TN VED) kodi ustuni boʻlsa, ilova uni hisobga oladi: MXIK kodining 2–5-raqamlari TIF TN kodining dastlabki 4 raqamiga (tovar pozitsiyasiga) teng: TIF TN 7306301900 boʻlsa, MXIK kodi 07306 bilan boshlanadi. Ilova kodni shu pozitsiya ichidan, tovar nomi boʻyicha tanlaydi. Qatordagi MXIK kodi boshqa pozitsiyada boʻlsa, xavf oʻrta: yo MXIK kodi, yo TIF TN kodi xato. Bojxona deklaratsiyasidagi TIF TN kodini tekshiring va taklif etilgan kodni solishtiring. Pozitsiyada nomga mos kod topilmasa, ilova butun tasniflagich boʻyicha qidiradi va buni koʻrsatadi.

Xavf darajasi

Muammolar xavf darajasi boʻyicha tartiblanadi: yuqori, oʻrta va axborot. Axborot darajasidagi belgilar xavf hisobiga kirmaydi.

Nomsiz qatorlar

Qatorda shtrix-kod bor, lekin nomi boʻsh yoki juda qisqa boʻlsa, ilova tasniflagichdagi shu shtrix-kodli mahsulot nomini taklif qiladi. Nom faqat siz tasdiqlaganingizdan keyin qatorga yoziladi.